Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Toj milliy terma jamoaning 2026 yilgi Jahon chempionatidagi ishtiroki so‘roq ostida qolayotganiga munosabat bildirdi. Bu haqda Marca nashri xabar bermoqda.
So‘nggi vaqtlarda mintaqada kuzatilayotgan harbiy-siyosiy ziddiyatlar sport sohasiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Mehdi Toj AQSh tomonidan amalga oshirilgan hujumlardan so‘ng, jamoaning musobaqada qatnashish imkoniyatlarini past baholadi.
“Shu kunlarda yuz berayotgan voqealar va Qo‘shma Shtatlar tomonidan amalga oshirilgan hujumdan so‘ng, Jahon chempionatiga umid bilan qarash qiyin. Biroq bu masala bo‘yicha yakuniy qarorni sport tashkilotlari rahbarlari qabul qilishi kerak”, deydi federatsiya rahbari.
Ma’lumot uchun, Eron terma jamoasi JCh—2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, “G” guruhidan joy olgan edi. Qur’aga ko‘ra, jamoaga Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya raqoblik qilishi belgilangan. E’tiborli jihati shundaki, guruhdagi barcha uchala uchrashuv ham aynan AQSh hududida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.






