Donald Trump 9-mart kuni jurnalistlar bilan muloqotda Kuba bilan muzokaralar masalasida to‘xtalib, agar Gavana Vashington bilan kelishuv tuzishdan bosh tortsa, AQSh mamlakati "do‘stona tarzda egallashi" mumkinligini bildirdi.
"Bu do‘stona egallash bo‘lishi mumkin. Yoki aksincha. Buning ahamiyati yo‘q, chunki ular, ta’bir joiz bo‘lsa, so‘nggi nafasini olmoqda. Ularda energiya yo‘q, pul yo‘q va ular chuqur gumanitar inqirozda", dedi Trump.
Uning aytishicha, Marko Rubio Kuba bilan ehtimoliy kelishuv ustida ish olib bormoqda, ammo muzokaralar mazmuni haqida aniq ma’lumot bermagan.
The Atlantic manbalariga ko‘ra, Kuba Eron va Venesueladan keyin Trump ma’muriyatining navbatdagi geosiyosiy nishoni bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, AQSh ma’muriyati Kuba hukumatida amaldagi rejimni almashtirish jarayonida Vashingtonga yordam berishi mumkin bo‘lgan shaxslarni izlashni boshlagan.
USA Today manbalari esa Vashington va Gavana o‘rtasida muhokama qilinayotgan ehtimoliy kelishuv Migel Diaz-Kanelning hokimiyatdan ketishi stsenariysi, Fidel Kastro oilasining oroldagi maqomi, shuningdek energetika, turizm va port infratuzilmasi sohasidagi bitimlarni o‘z ichiga olishi mumkinligini bildirgan. Bunday kelishuv doirasida AQSh ayrim sanksiyalarni bekor qilishi ehtimoli ham bor.





