Seshanba kuni berilgan rasmiy bayonotda Tehron Yevropa davlatlarini Eronga qarshi urushga qo‘shilmaslikka chaqirdi. Bu haqda Zamon.uz ma'lum qildi.
Bu bayonot ayrim Yevropa davlatlari Eronning raketa imkoniyatlarini hisobga olgan holda o‘zini himoya qilish choralarini ko‘rishi mumkinligini aytganidan keyin yangradi.
Bayonotda ta'kidlanishicha, bunday qadam to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid sifatida qabul qilinadi va Eronning javob zarbalari Yevropa davlatlari hamda shaharlariga qaratilgan holda kengaytiriladi.
"Yevropaning himoyalanishi urush harakati bo‘ladi. Eronga qarshi bunday har qanday harakat tajovuzkorlar bilan sheriklik sifatida baholanadi. Bu Eronga qarshi urush harakati deb hisoblanadi. Ular Eronni tajovuzkorlarga qarshi javob qaytarish imkoniyati va salohiyatidan mahrum qilmoqchimikan? Agar Yevropa tajovuzkorlar tomonda turgan bo‘lsa, bu sharmandalik bo‘ladi. Ular allaqachon Eronga qarshi yetarlicha harakat qildi", — dedi Bag‘oyi davlat axborot agentliklari bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Bu ogohlantirish Yevropa davlatlari o‘z mudofaa salohiyatini kuchaytirishga intilayotgan bir paytda berildi. Chunki Eron bilan bog‘liq mojaro Yaqin Sharqdan tashqariga chiqib, Yevropa xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligi yuzasidan xavotirlar kuchaymoqda.
Dushanba kuni Eronda ishlab chiqarilgan hujumchi dronlar Kiprda joylashgan Britaniya harbiy-havo kuchlarining Akrotiri bazasiga zarba berdi. Kipr Yevropa Ittifoqi a'zosi hisoblanadi. Rasmiylar ushbu dronlar "Hizbulloh" tomonidan Livondan uchirilgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
Hujumdan so‘ng Buyuk Britaniya bazaning mudofaasini kuchaytirdi. Britaniya OAVlariga ko‘ra, bosh vazir Kir Starmer ehtimoliy yangi hujumlardan himoyani kuchaytirish maqsadida harbiy kemani yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, Gretsiya va Frantsiya Kiprga harbiy fregatlar yubordi, Afina esa F-16 qiruvchi samolyotlarini ham taqdim etdi.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte seshanba kuni alyans Yaqin Sharqdagi voqealarda bevosita ishtirok etmayotganini ta'kidladi. Biroq u zarurat tug‘ilsa, NATO hududining "har bir qarichini" himoya qilishini bildirdi. Ryutte Shimoliy Makedoniyaga tashrifi chog‘ida Eronni keng mintaqaviy tahdid, Isroil uchun "eksistensial tahdid", shuningdek Yevropa uchun ham "ulkan xavf" deb atadi.






