AsosiyJamiyat

Prezident Termizdagi “Tomorqa maktabi” faoliyati bilan tanishdi

“Tomorqa maktabi” aholini oʻz tomorqalaridan samarali foydalanish, serdaromad ekin turlarini joriy etish, mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va qadoqlashning zamonaviy usullarini oʻrgatishga ixtisoslashgan. Muassasa banklarning moliyaviy koʻmagida faoliyat yuritmoqda.

'Prezident Termizdagi “Tomorqa maktabi” faoliyati bilan tanishdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi” faoliyati bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari dastlab suv xo‘jaligida mahalliyashtirilgan texnika va uskunalar taqdimoti bilan tanishdi.

Suv tejash texnologiyalari va zamonaviy irrigatsiya tizimlarini mahalliy sharotida ishlab chiqarish orqali xarajatlarni kamaytirish, iqlim o‘zgarishi sharotida suv resurslaridan oqilona foydalanish, fermer va aholining talabini tezkor ta’minlash imkoniyati ta’kidlandi.

Prezidentimiz bu yo‘nalishga yanada ko‘proq e’tibor qaratish, bunda ilmiy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

“Tomorqa maktabi” aholini o‘z tomorqalaridan samarali foydalanish, serdaromad ekin turlarini joriy etish, mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va qadoqlashning zamonaviy usullarini o‘rgatishga ixtisoslashgan. Muassasa banklarning moliyaviy ko‘magi faoliyat yuritmoqda.

Eng muhimi, bu yerda ishsiz va kam ta’minlangan oilalarning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashiladi. Mazkur jarayonda dehqonchilikning ilmiy asoslari, yuqori daromadli mahsulot yetishtirish texnologiyalari va zamonaviy tomorqachilik usullari amaliy ravishda o‘rgatilmoqda.

Innovatsion maktab Termiz, Muzrobot, Qiziriq, Bandixon, Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlarini qamrab olgan bo‘lib, uning tarkibida o‘quv binosi, uch gektar issiqxona hamda uch gektar o‘quv-tajriba maydoni mavjud.

Issiqxonada Surxondaryo sharotiga moslashtirilgan banan, papaya, rozmarin, lavanda, limon, anjir, brokkoli, bulg‘or qalampiri va boshqa ekinlar yetishtirilmoqda. Shuningdek, ko‘chat va gulchilik yo‘lga qo‘yilgan, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan.

Maktabda Surxondaryo sharotida bir yilda uch marta hosil olish amaliyoti o‘qitilmoqda. O‘quv jarayoniga olimlar, mutaxassislar va tajribali dehqonlar jalb etilgan.

Shu paytgacha 1300 nafarga yaqin ishsiz va kambag‘al oila a’zosi maxsus kurslarni tugatib, o‘z tomorqasi yoki ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali o‘zini o‘zi band qilgan. Hokim yordamchilari har oyda 220 nafardan, yiliga 2700 nafargacha tomorqa va ijara yer egalarini o‘qishga yo‘naltirmoqda. Tinglovchilar uchun yo‘llanma yoki vaucheer tizimi orqali o‘qish xarajatlari qoplab beriladi.

Kursda qatnashuvchilarga yuqori daromadli ekinlar ekish va bir sotix yerdan o‘rtacha 10-15 million so‘m daromad olish metodikasi amaliyotda ko‘rsatiladi. “Agrostar” kompaniyalari esa tinglovchilarni urug‘ va ko‘chatlar bilan ta’minlab, yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilishni tashkil etadi.

Davlatimiz rahbari maktabda tomorqadan uch marta hosil olish amaliyoti, sanoatlashgan bog‘lar va suv tejovchi texnologiyalar taqdimoti bilan tanishdi. Meva-sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bilan mulogot qilib, qayta ishlash va qo‘shilgan qiyat yaratish, hudud uchun yangi bo‘lgan o‘simliklar, shu jumladan sitrus va tropik mevalar yetishtirishni o‘zlashtirish muhimligini ta’kidladi.

    Boshqa yangiliklar