Rossiya hukumatı 2027 yildan boshlab MDH mamlakatlaridan viza-siz keladigan mehnat migrantlari uchun ish ruxsatnomalari va patent to‘lovlariga yangi qoidalarni joriy etishga tayyorlanmoqda. Bu haqda zamon.uz yozmoqda.
Moliya vazirligining loyihasiga ko‘ra:
Migrantlar o‘zlari bilan birga voyaga yetmagan farzandlari va boshqa qaramog‘idagilari uchun ham ish ruxsatnomasini to‘lashlari kerak bo‘ladi – jami summaning 50 foiz miqdorida.
Bolalar 18 yoshga to‘lganidan keyin yashash uchun boshqa qonuniy asosga ega bo‘lmasa, ish ruxsatnomasini olishlari yoki Rossiya hududini tark etishlari shart.
Hozirgi patent tizimida shaxsiy daromad solig‘i bo‘yicha bazaviy to‘lov oyiga 1200 rubldan boshlanadi, mintaqaviy koeffitsient va deflyator hisobga olinsa, Chechenistonda 3400 rubldan Krasnodar o‘lkasida 27 300 rublgacha, Moskvada esa taxminan 10 000 rublni tashkil etadi.
O‘zgartirishlar patent to‘lovi majburiyatini kengaytiradi va daromadlarni nazorat qilishni kuchaytiradi. Soliq xizmati migrantlarning rasmiy daromadi mintaqaviy yashash minimumidan kam emasligini tekshiradi. Shu maqsadda Ichki ishlar vazirligi va Federal Soliq xizmati o‘rtasida yangi ma’lumot almashinuv mexanizmi joriy etiladi: har chorakda migrantlarning daromadlari avtomatik tarzda taqdim etiladi va patentni yangilash, yashash ruxsatnomasi talablariga rioya qilinishi nazorat qilinadi.
Ushbu chora-tadbirlar xorijiy ishchilarni to‘liqroq hisobga olish va ularning daromadlarini soya iqtisodiyotidan chiqarish maqsadida amalga oshirilmoqda.






