AsosiyJamiyat

O‘zbekistonda ilk bor kriptovalyuta mayningi faoliyati uchun rasmiy ruxsatnoma berildi.

Ma’lum qilinishicha, 19 yanvar kuni agentlik direktori buyrug‘i bilan NexaGrid kompaniyasiga mayning faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berilgan.

'O‘zbekistonda ilk bor kriptovalyuta mayningi faoliyati uchun rasmiy ruxsatnoma berildi.'ning rasmi

O‘zbekistonda birinchi marta kriptovalyuta mayningi faoliyatini amalga oshirish uchun rasmiy ruxsatnoma taqdim etildi. Bu haqda Spot Istiqbolli loyihalar milliy agentligining mayning faoliyati uchun berilgan ruxsatnomalar elektron reestriga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 19 yanvar kuni agentlik direktori buyrug‘i bilan NexaGrid kompaniyasiga mayning faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berilgan. Kompaniyaning faoliyat manzili sifatida Buxoro viloyati Romitan tumani ko‘rsatilgan. Ushbu hujjat mamlakatda mazkur yo‘nalish bo‘yicha berilgan ilk ruxsatnoma hisoblanadi.

NexaGrid yuridik shaxs sifatida 2025 yil aprel oyida Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, uning ustav fondi 600 million so‘mni tashkil qiladi. Kompaniya kompyuter uskunalarini boshqarish faoliyati bilan shug‘ullanadi. Tasischilari — To‘ymurod Sultonov (63 foiz) va Mahmudjon Ro‘zimurodov (37 foiz). Shuningdek, Sultonov kompaniya rahbari hisoblanadi.

U o‘zining LinkedIndagi sahifasida NexaGrid mayning uchun ruxsatnomani qonuniy va shaffof tarzda olganini ta’kidlagan. Qayd etilishicha, loyiha qisqa muddatli foyda emas, balki Markaziy Osiyoda kelajak infratuzilmasini shakllantirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil kuzida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mayning faoliyatini litsenziyalash tartibini tasdiqlagan. Unga ko‘ra, mayning faqat yuridik shaxslar tomonidan va asosan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi asosida amalga oshiriladi. Yagona elektr tarmog‘iga ulanishga ruxsat berilgan, biroq bunda ikki barobar tarif qo‘llanadi.

Ruxsatnoma 5 yil muddatga bepul beriladi va arizalar 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, yashirin va ruxsatnomasiz mayning bilan shug‘ullanish taqiqlanadi. Olingan kripto-aktivlar esa faqat litsenziyaga ega kripto-birjalar orqali sotilishi mumkin.

Hozirda O‘zbekistonda 21 ta kripto-xizmat provayderi faoliyat yuritmoqda. 2022 yildan buyon ular tomonidan 107 milliard so‘mdan ortiq boj va yig‘imlar to‘langan.

    Boshqa yangiliklar