U tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Ma’lum qilinishicha, Navoiy shahrida “Qizilqum” PFK U-19 jamoasi bosh murabbiyi Nurota tumanida yashovchi, 2008 yilda tug‘ilgan o‘smirni jamoaning asosiy tarkibiga kiritib berishni va’da qilib, evaziga 20 million so‘m talab qilgan.
Holat haqida huquq-tartibot idoralariga xabar berilgach, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan Karmana tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda murabbiy talab qilingan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi futbolda korruptsiya va noqonuniy seleksiyaga nisbatan murosasiz bo‘lishini bildirgan.






