Bugun, 18 fevral kuni Ukraina Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenkoga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining X sahifasida ma’lum qildi.
Rasmiy bayonotga ko‘ra, mazkur qaror Belarus rahbariyati Rossiyaning Ukraina qarshi olib borayotgan urushini qo‘llab-quvvatlayotgani, shuningdek, Rossiyaga xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berayotgani bilan izohlangan.
Zelenskiyning bildirishicha, 2025 yilda Belarus hududida Rossiya harbiylari tomonidan hujum dronlarini boshqarish tizimlari joylashtirilgan. Bundan tashqari, 3 mingdan ortiq Belarus korxonasi Rossiya harbiy sanoati ehtiyojlari uchun mahsulot va texnologiyalar yetkazib bermoqda. Shuningdek, Belarus hududida o‘rta masofali "Oreshnik" raketalarini joylashtirish uchun infratuzilma tayyorlanayotgani ma’lum qilingan.
Joriy etilgan sanksiyalar Lukashenkoga berilgan Ukraina davlat mukofotlarini bekor qilishni, uning aktivlarini muzlatishni, savdo-iqtisodiy operatsiyalarni to‘xtatishni, tranzit va moliyaviy operatsiyalarga cheklovlar qo‘yishni nazarda tutadi. Shuningdek, xususiylashtirish, davlat xaridlari, ayrim mulkiy va korporativ bitimlar hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarida cheklovlar belgilangan. Sanksiyalarning asosiy qismi 10 yil muddatga amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh hukumatiga Ramzan Qodirov ham xuddi Nikolas Maduro kabi hibsga olinishi kerakligini aytgan edi.






