Prezidentning 16 fevraldagi qaroriga ko‘ra, ipoteka kreditlarining maksimal miqdori oshiriladi.
Qarorga muvofiq, mablag‘larning 12,2 trln so‘mi davlat byudjeti hisobidan, 7,8 trln so‘mi tijorat banklari tomonidan, 3 trln so‘mi esa O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi AJ mablag‘lari hisobiga ajratiladi.
Hujjat bilan Toshkent shahrida ipoteka kreditining eng yuqori miqdori 480 mln so‘m, hududlarda esa 380 mln so‘m etib belgilanishi kutilmoqda. Shuningdek, ipoteka kreditlarini subsidiyalash uchun 2,7 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu mablag‘lar hisobidan 73 mingdan ortiq oila uy-joy bilan ta’minlanadi, 30 mingga yaqin fuqaroga esa boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar ajratiladi.






