Xitoy TIV rasmiy vakili Lin Tszian 2 fevral kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida AQSh huquq-tartibot idoralarining xitoy kompaniyalari xodimlariga nisbatan harakatlarini qoraladi.
Uning aytishicha, so‘nggi paytlarda mazkur shaxslar uzoq muddat asossiz so‘roq qilinib, hibsga olingan va ayrim holatlarda deportatsiya qilingan.
"Xitoy bunday harakatlarga nisbatan qat'iy norozilik bildiradi", — dedi diplomat.
Lin Tszian AQShni xitoy fuqarolarining qonuniy huquqlarini buzishda hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi biznes muhitiga putur yetkazishda aybladi. Shuningdek, u Vashingtonni bunday amaliyotlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirib, Pekin o‘z fuqarolarini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishda davom etishini ta'kidladi.
Avvalroq Xitoy TIV vakili Mao Ning AQSh Eron bilan hamkorlikka nisbatan 25 foizli bojlar joriy etgan taqdirda, Pekin o‘z manfaatlarini qat'iy himoya qilishini ma'lum qilgan edi.






