Chust tumanida Cobalt yengil avtomobil haydovchisining rulda uxlab qolishi oqibatida yo‘lovchi avtobusi bilan to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Yo‘l-transport hodisasida uch nafar inson hayotdan ko‘z yumdi, yana bir necha kishi jarohat oldi, deb yozmoqda Kun.uz.
Namangan viloyatining Chust tumani Damobod mahallasi hududida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, voqea 25 yanvar kuni soat 6:30 larda ro‘y bergan.
Ma’lum qilinishicha, 1999 yilda tug‘ilgan haydovchi Cobalt avtomilni yuqori tezlikda boshqarib ketayotgan vaqtda rulda uxlab qolgan va qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan Isuzu avtobusi bilan to‘qnashgan. Oqibatda Cobalt haydovchisi hamda unda yo‘lovchi bo‘lgan 20 yoshli fuqaro voqea joyida halok bo‘lgan. Yana bir yo‘lovchi shifoxonada vafot etgan.
Shuningdek, avtobusda bo‘lgan 5–6 nafar yo‘lovchi turli darajada tan jarohati olgan. Qayd etilishicha, avtobus mahalliy aholini Chust tumanida joylashgan temirni qayta ishlash sexiga olib ketayotgan bo‘lgan.






