Bu haqda Tell News Magazine xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, AQShning Rich Sparkle Holdings kompaniyasi uch yil muddatga Leymning intellektual mulkidan eksklyuziv foydalanish huquqini qo'lga kiritgan. Bitim blogerning sun'iy intellekt asosidagi raqamli nusxasini yaratish imkoniyatini ham o'z ichiga oladi.
Muhim jihati shundaki, Habi Leym mablag'ni naqd pul shaklida olmagan. U kompaniyaning nazorat paketiga ega aktsiyadoriga aylanib, influenserlikdan korporativ biznes ishtirokchisiga o'tgan.
Mutaxassislar bu kelishuvni influenserlar bozori uchun yangi bosqich deb baholamoqda. Chunki qisqa muddatli reklama shartnomalari o'rniga, Leym uzoq muddatli daromad va ta'sirni tanlagan.
Ma'lumot uchun, Habi Leym COVID-19 pandemiyasi davrida Italiyada ishsiz qolgan oddiy ishchidan 160 milliondan ortiq obunachiga ega dunyoning eng mashhur TikTok yulduzlaridan biriga aylangan. Uning so'zsiz, oddiy ishoralarga asoslangan videolari global brendlar bilan hamkorlik qilish imkonini bergan.
Kompaniya prognozlariga ko'ra, Leym auditoriyasi yiliga 4 milliard dollardan ortiq aylanma keltirishi mumkin. Bitimdan so'ng Rich Sparkle Holdings aktsiyalari bir kunda 250 foizga oshgan.






