Tashkiliy mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish, ayniqsa Yevropa va Yaqin Sharq davlatlari bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta'kidlandi.
Ma'lum qilinishicha, ilgari o‘zbekistonliklar asosan 2–3 ta davlatda mehnat qilgan bo‘lsa, hozir tashkiliy migratsiya asosida 30 dan ortiq mamlakatda ishlamoqda. Germaniya, Yaponiya va Janubiy Koreya kompaniyalari O‘zbekistonda o‘quv kurslarini tashkil etib, mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan.
Xususan, Yaponiya kompaniyasi qurilish, haydovchilik, mehmonxona va restoran xizmati yo‘nalishlarida 10 ming nafar o‘zbek mutaxassisini jalb qilish loyihasini boshlagan. Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishchilar yuborish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilgan.
Shu bilan birga, Avstriya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Chexiya va Saudiya Arabistonida ishchi kuchiga talab yuqori bo‘lishiga qaramay, ushbu davlatlardagi elchilarning tashabbuslari yetarli emasligi tanqid qilindi. Elchilarga bu yo‘nalishda ishlarni faollashtirish vazifasi yuklatildi.






