AsosiySiyosat

Turizm va transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalar taqdim etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev turizm, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan qator yirik qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

'Turizm va transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalar taqdim etildi.'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda turizm, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Iqtisodiy o‘sish sur’atlari va xalqaro hamkorlikning kengayishi O‘zbekistonda zamonaviy infratuzilmani jadal rivojlantirishni talab qilayotgani ta’kidlandi.

Taqdimotda Xiva shahrida Kongress markazi va tarixiy-etnografik bog‘ barpo etish rejalari ko‘rib chiqildi. Ushbu majmualar xalqaro anjumanlar o‘tkazish hamda turistlar oqimini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi. Shuningdek, Konfutsiy instituti va Lu Ban ustaxonasini tashkil etish orqali madaniy-ma’rifiy tadbirlar va kasb-hunar ta’limini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlarini yaxshilash, logistika imkoniyatlarini kengaytirish rejalari ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, Urganch vokzalidan aeroportgacha alohida temiryo‘l liniyasi tortish va Urganch–Xiva avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish hamda muqobil yangi yo‘l qurish taklif etildi.

Farg‘ona shahrida zamonaviy ekspomarkaz qurish loyihasi hududning investitsion jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi. Shuningdek, Burhoniddin Marg‘iloniy ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish va Buxoro davlat universiteti uchun yangi kampus barpo etish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.

Toshkent shahrida zamonaviy badiiy gimnastika majmuasi qurish loyihasi ham muhokama qilinib, u yoshlar salohiyatini rivojlantirish va professional sportchilar tayyorlashga qaratilishi ta’kidlandi.

Davlat rahbari loyihalarni amalga oshirishda sifat, qulaylik va zamonaviy shaharsozlik talablari ustuvor bo‘lishi, shuningdek, aholi ehtiyojlarini inobatga olish zarurligini ta’kidlab, mutasaddidlarga tegishli topshiriqlar berdi.

    Boshqa yangiliklar