Bugun, 14 yanvar kuni Tailandning Nakhon Ratchasima provinsiyasida Bangkokdan Ubon Ratchathani shahriga yo‘l olgan yo‘lovchi poyezdi ustiga qurilish krani qulab tushdi. Hodisa oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat Transport vazirligiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tailandning shimoli-sharqida joylashgan hududda qurilish krani poyezdning uchta vagoni ustiga qulab, poyezdning relsdan chiqib ketishiga sabab bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 19 kishi halok bo‘lgan, 80 ga yaqin yo‘lovchi jarohat olgan.
Fojia 14 yanvar kuni ertalab Sikhiyo tumanida, Bangkokdan taxminan 230 kilometr shimoli-sharqda joylashgan hududda sodir bo‘lgan. Poyezd poytaxtdan Ubon Ratchathani provinsiyasi tomonga harakatlanayotgan bo‘lgan.
Mahalliy politsiya ma’lumotiga ko‘ra, vayronalar ostida hali ham topilmagan jasadlar bo‘lishi mumkin. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.
“O‘n to‘qqiz kishining jasadi topildi, ammo kranni surilib ketishi havfi borligi sababli poyezd vagonlari ichida qolib ketgan ayrim odamlarni hozircha olib chiqish imkoni bo‘lmayapti. Shu sababli qutqaruvchilar vaqtincha ortga chekinishga majbur bo‘ldi”, — deydi politsiya polkovnigi Tatchapon Chinnawong.
Transport vaziri Phiphat Ratchakitprakarn o‘z bayonotida poyezd bortida 195 nafar yo‘lovchi bo‘lganini ma’lum qilib, hodisa yuzasidan batafsil tergov o‘tkazishni buyurganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning aksariyati kran urib yuborgan uchta vagonning ikkitasida bo‘lgan.
Kran yuqori tezlikdagi temir yo‘l loyihasi doirasida olib borilayotgan qurilish ishlari vaqtida qulab tushgan. Kran o‘tayotgan poyezdga urilishi oqibatida poyezd relsdan chiqib ketgan va qisqa vaqt ichida yong‘in kelib chiqqan.
Ma’lumot uchun, mazkur yuqori tezlikdagi temir yo‘l liniyasi Tailandda amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalaridan biri bo‘lib, u mavjud temir yo‘l tarmo‘gi ustidan qurilayotgan edi.






