Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va tarbiyachi tomonidan bolalarga nisbatan qo‘pol muomala hamda jismoniy zo‘ravonlik holatlari aks etgan videoyozuv yuzasidan zudlik bilan tekshiruv boshlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur holat Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi 30-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan.
Tarqalgan videoda tarbiyachi bolalarni itarib yuborayotgani, urayotgani va ularga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘layotgani aks etgan.
Hodisa yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi huzurida tezkor ishchi guruh tashkil etilgan. Mazkur guruh tomonidan voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlish, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilishiga sabab bo‘lgan omillarni o‘rganish, shuningdek, mas’ul shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.






