Mazkur holat yuzasidan Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rahbari Sirojiddin Usorov Kun.uz'ga izoh bergan. Uning ma'lum qilishicha, video 2025 yil 25 oktyabr kuni vazirlik xodimlaridan birining nikoh to‘yida tasvirga olingan.
Vazirlik izohida qayd etilishicha, videoda Ozodbek Nazarbekovga to‘y ishtirokchilari tomonidan pul uzatilgan bo‘lib, bu holat oldindan rejalashtirilmagan. Rasmiy munosabatda ta'kidlanishicha, bunday vaziyatda fuqarolarning xohish-irodasini omma oldida rad etish ularni noqulay ahvolga solib qo‘yishi, kamsitish yoki mensimaslik sifatida noto‘g‘ri talqin qilinishi mumkinligi inobatga olingan.
Shuningdek, vazirlik to‘y marosimlarida xonandalarga pul uzatish amaldagi qonunchilik bilan taqiqlanmaganini eslatadi. Bu asrlar davomida shakllangan milliy urf-odat va qadriyatlarning bir qismi sifatida baholanib, xalq orasida “orzu-havas” tushunchasi bilan bog‘lab kelinadi.
Madaniyat vazirligi Ozodbek Nazarbekov nafaqat vazir, balki taniqli o‘zbek xonandasi ekanini ham alohida ta'kidlagan. U O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston xalq artisti, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi hisoblanadi. Shu bois, to‘y marosimida kuzatilgan holat uning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq vaziyat sifatida baholanishi lozimligi qayd etilgan.
Har bir inson egalab turgan lavozimidan qat'i nazar, o‘z tanlagan kasbidan ayro bo‘la olmaydi. Mazkur holat ham aynan shu nuqtai nazardan kelib chiqqan, — deyiladi rasmiy izohda.
Ma'lum bo‘lishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur holat yuzasidan Madaniyat vazirligiga taqdimnoma kiritgan.
Eslatib o‘tish joiz, Ozodbek Nazarbekov avval ham jamoatchilik muhokamalari markazida bo‘lgan. Xususan, u 2024 yilda Kingsman kiyim do‘koni reklamasida ishtirok etgan, o‘shanda vazir matbuot xizmati bu holatda hech qanday moddiy manfaat ko‘zlanmaganini bildirgan edi. Shuningdek, u 2025-yilda xususiy universitet reklamasida ham ko‘rinish bergan.






