AsosiyDunyo

Yevropada kuchli qor bo‘roni odamlarning halok bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Yevropaning bir qator mamlakatlarida kuchli qor yog‘ishi transport harakatini izdan chiqardi.

'Yevropada kuchli qor bo‘roni odamlarning halok bo‘lishiga sabab bo‘ldi.'ning rasmi

So‘nggi kunlarda Yevropaning ko‘plab hududlarini kuchli qor qopladi. Fransiyaning janubi-g‘arbida 6 yanvar kuni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi, 15 kishi jarohat oldi. Parij atrofida yana 2 kishi avtohalokatlar sabab vafot etdi.

Avvalroq, 5 yanvar kuni kechqurun bir haydovchi avtomobili bilan Marna daryosiga tushib ketib, shifoxonada vafot etgan, yana bir kishi yuk mashinasi bilan to‘qnashuvda halok bo‘lgan.

Bosniya va Gersegovina poytaxti Sarayevoda esa ayol kishi daraxt shoxi bosib qolishi oqibatida hayotdan ko‘z yumdi.

"Euronews" xabariga ko‘ra, Amsterdamdagi Schiphol aeroportida bir kun ichida qariyb 600 ta reys bekor qilingan. Bunga uchish-qo‘nish yo‘laklarini tozalash va samolyotlarga muzga qarshi ishlov berish zarurati sabab bo‘lgan. Sinoptiklar hafta davomida qor yog‘ishi davom etishini kutmoqda.

Kuchli sovuq Buyuk Britaniyaning shimoliy hududlarida ham qayd etildi — tunda havo harorati −12,5 darajagacha tushdi.

Qor yog‘ishi temiryo‘l, avtomobil va havo qatnoviga salbiy ta’sir ko‘rsatib, yuzlab maktablar yopilishiga sabab bo‘ldi.

    Boshqa yangiliklar