6 yanvar kuni Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha, Ispaniya va Daniya rahbarlari qo‘shma bayonot bilan chiqib, Grenlandiya masalasida qaror faqat Daniya va Grenlandiya xalqi tomonidan qabul qilinishi mumkinligini ta’kidladi. Bayonotda “Grenlandiya uning xalqiga tegishli” ekani qayd etilgan.
Polsha bosh vaziri Donald Tusk NATO a’zolari bir-biriga tahdid solmasligi yoki hujum qilmasligi kerakligini aytib, aks holda alyans ichida jiddiy inqiroz yuzaga kelishini bildirdi. Niderlandiya bosh vaziri Dik Shox ham mamlakati usbu pozitsiyani to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Avvalroq Donald Trump Grenlandiyani AQSH milliy xavfsizligi uchun zarur hudud deb atab, uni nazorat qilish uchun kuch ishlatish ehtimolini ham inkor etmagan edi. Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen esa bunday harakatlar NATOning yemirilishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Yevropa davlatlari o‘z bayonotida Arktika xavfsizligi NATO doirasida, jumladan AQSH bilan hamkorlikda ta’minlanishi kerakligini urg‘ulagan. Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilson esa yevropalik yetakchilarning birdamligini olqishlab, Vashingtonni o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotga chaqirgan.






