AsosiyJamiyat

Toshkentda qo‘shnisini pichoq bilan qo‘rqitgan erkak qamoqqa olindi

Yashnobod tumanida mast holida jamoat tartibini buzgan fuqaroga nisbatan sud qaror chiqardi.

'Toshkentda qo‘shnisini pichoq bilan qo‘rqitgan erkak qamoqqa olindi'ning rasmi

Toshkent shahri Yashnobod tumanida tunda qo‘lida pichoq bilan qo‘shnisining eshigini taqillatib, uni bezovta qilgan erkak ma’muriy qamoqqa olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yil 5 yanvar kuni soat 01:35 atrofida 1984 yilda tug‘ilgan O.S. mast holatda ko‘p qavatli uyda qo‘shnisi D.Y.ning xonadon eshigini taqillatib, jamoat tartibini buzgan. U jamoat joyida sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyoni qonunga xilof ravishda olib yurgan.

Holat yuzasidan tuman IIO xodimlari tomonidan tezkor chora ko‘rilib, huquqbuzar ushlangan. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 183, 185 prim.2 va 194-moddalari bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Yig‘ilgan materiallar sudga yuborilib, sud qarori bilan fuqaroga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

    Boshqa yangiliklar