"The New York Post" nashrining yozishicha, Disney Worldwide Services Inc. va Disney Entertainment Operations LLC kompaniyalari bilan bog‘liq ish bo‘yicha federal sud qarori Disney’ga YouTube’da bolalarning onlayn maxfiyligini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni buzadigan usulda faoliyat yuritishni taqiqlaydi.
Qarorga ko‘ra, Disney’dan kelajakda YouTube’da bolalar maxfiyligini himoya qilish qonuniga rioya etilishini ta’minlaydigan maxsus dastur ishlab chiqish talab qilingan. Qayd etilishicha, ushbu qonun 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan veb-saytlar, ilovalar va boshqa onlayn xizmatlardan ota-onalarni qanday shaxsiy ma’lumotlar to‘planayotgani haqida xabardor qilish hamda bunday ma’lumotlarni yig‘ish uchun ota-onalarning tasdiqlangan roziligini olishni talab etadi.
"AQSh Adliya vazirligi ota-onalar farzandlari haqidagi ma’lumotlarni yig‘ish va ulardan foydalanish masalasida o‘z fikrini bildirish huquqiga ega bo‘lishini ta’minlashga qat’iy sodiqdir", deydi bosh prokuror yordamchisi Brett Shumeyt.






