O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokioga rasmiy tashrifi doirasida Yaponiya ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vaziri Matsumoto Yoxey, Yaponiya fanni ilgari surish jamiyati prezidenti Sugino Suyoshi hamda Yaponiyaning Sukuba, Nagoya, Tottori universitetlari, Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti, Nagoya iqtisodiyot universiteti kabi yetakchi oliy ta’lim muassasalarining rahbarlari bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari Yaponiya “iqtisodiy mo‘jizasi”ning asosini tashkil etuvchi ta’lim, fan va inson kapitalini rivojlantirishga investitsiyalar O‘zbekiston – Yaponiya hamkorligining strategik yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya uzoq yillar davomida fanga sarflanadigan xarajatlar va ilmiy patentlar soni bo‘yicha yetakchilar safida turishini qayd etdi. Mamlakat ko‘plab atoqli olimlarni, xususan, fizika, kimyo va tibbiyot sohalarida Nobel mukofoti sovrindorlarini yetishtirib chiqardi.
Yaponiya maktab ta’lim modeli tabiiy fanlar va matematika bo‘yicha kuchli tayanch bazasi mavjudligi, dars o‘tishning yuqori sifati, mehnatsevarlik, jamoa bo‘lib ishlash va intizom madaniyati bilan ajralib turadi. Nufuzli yapon diplomlari, ayniqsa, muhandislik, robototexnika, tibbiyot va farmatsevtika sohalarida butun dunyoda yuqori qadrlanadi. Yaponiyada ta’lim va fan bilan sanoat va biznes o‘rtasida yaqin va mustahkam aloqalar o‘rnatilgani alohida e’tiborga loyiq.
Bugungi kunda 2,8 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba Yaponiyaning yetakchi ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda. Bittagina JDS stipendiya dasturi bo‘yicha 440 dan ziyod davlat xizmatchilari Yaponiyada o‘qitildi.
Rektorlar forumi o‘zaro aloqalar uchun samarali maydonga aylandi. Oktyabr oyida Samarqandda ikki mamlakatning qariyb 50 ta universiteti rektorlari ishtirok etgan beshinchi forum muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda ta’lim va fanni rivojlantirishga mamlakatni jadal modernizatsiya qilish, uning raqobatbardoshligi hamda global intellektual va texnologik makonga integratsiyalashuvini ta’minlashning asosi sifatida qaralishini ta’kidladi. So‘nggi 7-8 yil ichida bu sohada salmoqli ishlar amalga oshirildi. Biroq hal qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar ham ko‘p.
Ilm-fanni tizimli transformatsiya qilish doirasida yangi avlod tadqiqotchilarini shakllantirish, soha faoliyatini klaster modeli asosida tashkil etish, muhim ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha resurslarni jamlash kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.
Bugungi uchrashuvda qatnashgan Yaponiya universitetlari mamlakatimiz uchun eng dolzarb bo‘lgan sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar, qishloq va suv xo‘jaligi, “yashil” energiya va barqaror rivojlanish, seysmologiya va “aqlli shahar” texnologiyalari kabi sohalar bo‘yicha mustahkam ilmiy-tadqiqot infratuzilmasiga va yuqori ilmiy hamda pedagogik salohiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston universitetlari bilan yaqin hamkorlik boshlandi. Kuni kecha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qizg‘in muzokaralar bo‘lib o‘tdi va yangi kelishuvlarga erishildi.
Hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ta’lim va fan bo‘yicha qo‘shma komissiya, innovatsiyalar bo‘yicha konsorsium tashkil etish, flagman loyihalar, shu jumladan o‘quv jarayoniga SI ni joriy etish loyihalarini amalga oshirish hamda muhandislik mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv dasturini ishga tushirish taklif qilindi.
Tadbiri doirasida oliy ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, Sukuba universiteti bilan birgalikda O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasasini tashkil etish to‘g‘risidagi memorandum hamda ilmiy hamkorlik va kadrlar tayyorlash sohalarida bir qator boshqa hujjatlar imzolandi.
Erishilgan kelishuvlarni tizimli va o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash uchun “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi.






