AsosiyDunyo

Mayamida Ukraina va Rossiya delegatsiyalari alohida muzokaralar o'tkazadi

Ukraina va Rossiya vakillari AQShda urushni to‘xtatish masalasini muhokama qilish uchun keladi, ammo uch tomonlama uchrashuv rejalashtirilmagan.

'Mayamida Ukraina va Rossiya delegatsiyalari alohida muzokaralar o'tkazadi'ning rasmi

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov boshchiligidagi delegatsiya urushni to‘xtatish rejasini muhokama qilish uchun AQShga boradi. Bu haqda 18 dekabr kuni Axios nashri manbalarga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, haftaning oxirida Ukraina delegatsiyasi Mayami shahrida AQSh prezidenti Donald Trumpning maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda uning kuyovi Jared Kushner bilan uchrashadi. Prezident Vladimir Zelenskiy ham ukrain delegatsiyasining AQShga jo‘nab ketganini tasdiqlagan, biroq uning aniq tarkibini ochiqlamagan. Shu bilan birga, muzokaralarda Yevropa davlatlari vakillari ham ishtirok etishi mumkinligi aytilgan.

Avvalroq Politico nashri 20–21 dekabr kunlari Mayamiga Rossiya delegatsiyasi ham kelishi kutilayotganini yozgan edi. Unga Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev boshchilik qiladi. Rossiya delegatsiyasi ham Uitkoff va Kushner bilan alohida muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Axios manbalariga ko‘ra, hozircha AQSh, Ukraina va Rossiya ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilishi ko‘zda tutilmagan.

Qayd etilishicha, 14–15 dekabr kunlari Stiv Uitkoff va Jared Kushner Berlinda Ukraina hamda qator Yevropa davlatlari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan. Ushbu uchrashuvlar yakunida AQSh tomoni urush yakunlangan taqdirda Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berishga tayyor ekanini bildirgan, ammo hududiy yon bosish masalasi ochiq qolgan.

Shuningdek, dekabr oyi boshida Uitkoff va Kushner Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham uchrashuv o‘tkazgan, biroq muzokaralar tafsilotlari oshkor qilinmagan.

    Boshqa yangiliklar