O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 dekabr kuni Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari rahbarlarining uchinchi uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakati-mizga kelgan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri U Von Shik boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon davlatimiz rahbariga Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklikni, jumladan, parlamentlar hamkorligi orqali yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Siyosiy va parlamentlararo aloqalar jadal tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi hamda Koreyadan, birinchi navbatda, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarini rivojlantirishga yo‘naltirilayotgan investitsiyalarning soni ortib bormoqda.
Gumanitar va ta’lim almashinuvlari kengaymoqda. O‘zbekistonda Koreya yetakchi universitetlarining to‘rtta filiali, shuningdek, mamlakati-miz hududlaridagi professional ta’lim markazlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Infratuzilmani rivojlantirish, transport va logistika, nodir metallar va o‘ta muhim xomashyoni qayta ishlash, shuningdek, qonun ijodkorligi faoliyatini raqamlashtirish va boshqaruvda ilgor echimlarni joriy etish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish qo‘llab-quvvatlandi.
Parlamentlararo hamkorlik dasturini ishlab chiqish hamda parlamentlardagi “do‘stlik guruhlari” ishini faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Kelajakdagi oliy darajadagi, jumladan, “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti doirasidagi tadbirlarning kun tartibini puxta tayyorlash zarurligi qayd etildi.






