Farg‘ona viloyati IIM matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Qo‘qonlik tabib Iqbol Soliyevning faoliyati o‘rganilganda, uning O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi tomonidan berilgan guvohnomasi 2024 yil dekabr oyida muddati tugagani aniqlandi. Shunga qaramay, u tabiblik faoliyatini davom ettirib, ijtimoiy tarmoqlarda videoroliklar joylab kelgan.
Avvalroq, 2025 yil 10 yanvar kuni sud tomonidan unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-5-moddasi 1-qismi bilan 7,5 million so‘m jarima jazosi tayinlangan hamda rasmiy ogohlantirilgan.
Biroq huquqbuzarlik takroran sodir etilgani sababli, 27 noyabr kuni unga nisbatan mazkur moddaning 3-qismi bilan yana ma’muriy bayonnama rasmiylashtirilib, ish sudga yuborilgan. Ushbu holat 8,2 million so‘mdan 12,3 million so‘mgacha jarima yoki 15 kungacha ma’muriy qamoq jazosi bilan jazolanishi mumkin.
Xalq tabobati assotsiatsiyasi raisi Ro‘zimuhammad Xonnazarov bunday "tabiblar"ga qiziqish aholining tibbiy madaniyati yetarli emasligi bilan bog‘liqligini ta’kidlab, tibbiy xizmatlar sifat oshsa, bunday holatlar o‘z-o‘zidan barham topishini qayd etgan.






