AsosiyBu qiziq

Yaponiya ilk bor pandalarsiz qoladi

2026 yil yanvar oyida Yaponiya hayvonot bog‘laridagi so‘nggi gigant pandalar ham Xitoyga qaytariladi.

'Yaponiya ilk bor pandalarsiz qoladi'ning rasmi

Kelasi yil yanvar oyida Yaponiya 1973 yildan buyon ilk bor pandalarsiz qolishi mumkin. Mamlakatda qolgan so'nggi gigant pandalar — Tokio shahridagi Ueno hayvonot bog'ida yashovchi egizaklar Syao-Syao va Ley-Ley 2026 yil yanvar oyida Xitoyga qaytariladi. Bu haqda Kyodo xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, fevral oyida pandalarni ijara qilish muddati yakunlanadi. Joriy yil iyun oyida esa Vakayama prefekturasidagi "Adventure World" bog'idan to'rtta panda Xitoyga qaytarilgan edi. Shundan so'ng Yaponiyada faqat Ueno hayvonot bog'idagi egizak pandalar qolgan.

Qayd etilishicha, bu jarayon Tokio va Pekin o'rtasidagi diplomatik munosabatlar keskinlashuvi bilan ham bog'liq. Tayvan atrofidagi vaziyat yuzasidan Yaponiya rahbariyati bayonotlari ortidan tomonlar o'rtasida o'zaro norozilik notalari almashilgan, shuningdek, Xitoy Yaponiyaga safarlar bo'yicha cheklovlar joriy etgan.

Munosabatlar sovuqlishuvi fonida Xitoy aviakompaniyalari Yaponiyaaga reyslar uchun chiptalarni bepul qaytarish imkoniyatini taklif qilgan, Xitoyda esa yapon madaniy tadbirlari va filmlar namoyishi bekor qilina boshlangan.

    Boshqa yangiliklar