So‘g‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, "Elektron retsept" tizimi dastlab Toshkent shahri va 15 ta tajriba-sinov tuman (shahar)larida joriy etiladi. Shifokorlar dori vositalarini xalqaro patentlanmagan nomlanishi bo‘yicha elektron retsept asosida rasmiylashtirib, yagona axborot tizimiga kiritadi.
Zarur texnik imkoniyatlar mavjud bo‘lganida, tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari DMED axborot tizimiga bepul ulanadi hamda SSVning raqamli platformasi bilan integratsiya qilinadi.
Elektron retsept orqali beriladigan dori vositalari ro‘yxati bosqichma-bosqich shakllantiriladi. Birinchi bosqichda tizimli ta’sirga ega antibiotiklar, sintetik antibakterial va gormonal preparatlar uchun elektron retsept majburiy bo‘lishi belgilangan.
Dorixonalarda retseptli dori vositalari elektron retsept asosida, jumladan bemorning JShShIRi orqali beriladi. Tizim to‘liq joriy etilgungacha hamda favqulodda holatlarda qog‘oz ko‘rinishidagi retseptlardan foydalanish imkoniyati saqlab qolinadi.
Shuningdek, kecha-kunduz ishlaydigan 1003 Sall-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilib, u orqali bemorlar masofadan turib oilaviy shifokorga murojaat qilishi va elektron retsept olishi mumkin bo‘ladi. Surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar uchun esa 60 kungacha yoki 90 kungacha amal qiladigan elektron retseptlar berish tartibi belgilanadi.
Vazirlikka ko‘ra, "Elektron retsept" tizimi dori vositalarini tayinlashda xavfsizlikni oshirish, ularning aylanmasini tartibga solish va mas’uliyatni kuchaytirishga qaratilgan.






