AsosiyDunyo

Ukraina oʻt ochishni toʻxtatishi mumkin

Berlinda Zelenskiy bilan o‘tgan uchrashuvda jang harakatlarini to‘xtatish yo‘lida sezilarli siljishga erishilgan.

'Ukraina oʻt ochishni toʻxtatishi mumkin'ning rasmi

Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Ukrainada ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish masalasi bo‘yicha amerikalik va ukrainalik delegatsiyalar o‘rtasida 5 soatdan ortiq muzokaralar olib borilgan. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Trumpning maxsus vakili Stiven Uitkoff 14 dekabr kuni X ijtimoiy tarmog‘ida yozgan.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, AQShning maxsus vakili Stiven Uitkoff hamda Trumpning maslahatchisi va kuyovi Jared Kushner ishtirok etgan. Tomonlar 20 banddan iborat tinchlikka erishish rejasi, iqtisodiy masalalar va boshqa qator mavzular bo‘yicha chuqur muhokamalar o‘tkazgan.

Uchrashuvning boshida Germaniya kansleri Fridrix Merts ham qatnashgan, keyinchalik u o‘z vakilini qoldirib, muzokaralarni tark etgan. Keyinroq Merts X ijtimoiy tarmog‘ida Ukrainada mustahkam tinchlikka erishish istagini bildirib, oldinda murakkab masalalar turganini qayd etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, maslahatlashuvlar 15 dekabr kuni ham davom ettiriladi. Unda Yevropa davlatlari rahbarlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va NATO rahbarlari ishtirok etishi kutilmogda.

Avvalroq Reuters agentligi xabar berishicha, Volodimir Zelenskiy jurnalistlar bilan muloqotda tinchlik muzokaralarida muayyan murosalarga tayyor ekanini bildirgan. Xususan, Kiyev NATOga a’zo bo‘lish o‘rniga AQSh va Yevropa davlatlari tomonidan yuridik majburiy xavfsizlik kafolatlarini qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Shuningdek, Zelenskiy jang harakatlarini frontning hozirgi chizig‘i bo‘yicha muzlatishni adolatli variant sifatida baholagan. Rossiya tomoni esa avval ham bir necha bor Ukraina qo‘shinlarini Donetsk va Luhansk viloyatlarining ayrim hududlaridan olib chiqishni talab qilib kelgan.

    Boshqa yangiliklar