Bugun, 13 dekabr kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi “Avyasozlar” bozorida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda poytaxt Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, soat 01:30 da tumanning Beshariq ko‘chasida joylashgan “Avyasozlar” bozori hududidagi ma’muriy binoda yong‘in sodir bo‘lgani to‘g‘risida FVBga xabar tushgan.
Shunga ko‘ra, qutqaruv ekipajlari soat 01:34 da voqea joyiga etib borib, yong‘in 02:29 da qurshab olingan hamda 03:03 da o‘chirilgan.
Yong‘in oqibatida tan jarohati olgan fuqarolar to‘g‘risida xabar tushmagan, deyiladi xabarda.
Boshqarma yong‘in ortidan qancha hudud yonib ketgani va yetkazilgan zarar haqida ma’lumot taqdim etmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar bozor butunlay yonib kul bo‘lganini aytmoqda.






