AsosiyJamiyat

"Insoniyat tsivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zaminadan kelib chiqqan" — Paragvay Prezidenti

O‘zbekistonga rasmiy tashrif doirasida Paragvay Respublikasi Prezidenti Santiago Pen‘ya Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi.

'"Insoniyat tsivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zaminadan kelib chiqqan" — Paragvay Prezidenti'ning rasmi

Oliy martabali mehmonga O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov hamrohlik qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu Markaz islom tsivilizatsiyasining bebaho ilmiy va ma’naviy merosini asrash, o‘rganish va uni jahon hamjamiyatiga yetkazishga qaratilgan yirik tarixiy-ma’rifiy majmua hisoblanadi. 

Santyago Penya tashrif davomida Qur’oni karim zaliga kirib, musulmon olamida ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan Usmon Mushafi – Qur’onning eng qadimiy nusxalaridan biri bilan yaqindan tanishdi. Mazkur nodir qo‘lyozmaning islom tarixi va jahon ilmiy-falsafiy taraqqiyotidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.

Paragvay Prezidentining delegatsiya a’zolari markazdagi “Islomdan avvalgi tsivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” hamda “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Mehmondlar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi ulug‘ allomalarning dunyo ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqidagi ma’lumotlardan katta taassurot oldi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar va temuriylar davrlariga oid nodir qo‘lyozmalar, artefaktlar, manbalar ham namoyish etildi. 

Tashrif davomida davlat rahbari markazdagi 14 ta ravoq, tarixiy artefaktlar va rangtasvir asarlarini ko‘zdan kechirib, ularda aks etgan boy ma’naviy va ilmiy merosga yuqori baho berdi. Ayniqsa, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Termiziy va Buxoriy kabi allomalarning ilmiy merosi bilan bog‘liq ekspozitsiyalar Prezident Penyada katta taassurot qoldirdi.

Prezident Santyago Penya shunday dedi: 

“O‘zbekiston tarixi haqiqatan ham beqiyos. U besh ming yillik taraqqiyotni o‘z ichiga olgan ulkan tsivilizatsiydir. Bir millatni anglash uchun uning tarixini bilish kerak, bu yerda esa tarix juda boy. Insoniyat tsivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan ko‘plab ilmiy va madaniy yutuqlar aynan shu zamindan kelib chiqqan. O‘zbekistonning eng katta boyligi – uning tarixiy merosi, ilmiy yutuqlari va madaniy tsivilizatsiyasidir. Masalan, algebra yoki tibbiyot sohasidagi ilk mukammal ilmiy asoslar shu yurtdan kelib chiqqanini ko‘pchilik bilmaydi. Men bu tashrifdan juda ruhlandim. Paragvay O‘zbekiston bilan kelgusidagi istiqbolli hamkorlikka tayyor”.

Delegatsiya islomdan avvalgi davrlarga oid ekspozitsiyalar bilan ham tanishdi. 80 ming yillik tosh nayzalar, qadimgi Baqtriya, So‘g‘d va Xorazm tsivilizatsiyalariga oid ma’lumotlar mehmondlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Zardushtiylik davri artefaktlari, qadimiy qo‘lyozmalar va immersiv shou-taqdimotlar yuqori bahoga sazovor bo‘ldi. Shundan so‘ng delegatsiya “Kongress xoll” majmuasini ko‘zdan kechirdi va tashrif “Ikkinchi Renessans” bo‘limidagi ekspozitsiyalar bilan davom etdi. Mehmondlar Amir Temur davri tarixi, o‘sha davrga oid shaxmat donalari va qadimiy Qur’on qo‘lyozmalarini ko‘rib chiqishdi. Prezident Santyago Penya Islom tsivilizatsiyasi markazining barpo etilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslarining amaliy samarasi ekanini alohida ta’kidlab, mamlakatiimizda tarixiy merosni asrash, o‘rganish va targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.

    Boshqa yangiliklar