So‘nggi vaqtlarda sun’iy intellekt yordamida yaratilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan dipfeyklar, yolg‘on xabarlar va soxta videolar soni ortib bormoqda. Shu jumladan, firibgarlar taniqli shaxslarning ovoziy va qiyofasidan foydalanib, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga fuqarolarni jalb qilishga urinyapti.
Qo‘mita misol tariqasida so‘z ustasi Elmurod Haqnazarov nomidan tayyorlangan, "Chiken Road" deb nomlangan qimor o‘yini reklamasi tarqatilgani aniqlanganini ma’lum qildi. O‘rganishlarda Haqnazarov bu reklama bilan aloqasi yo‘qligini, sun’iy intellekt yordamida uning ovoziy soxtalashtirilganini bildirgan va fuqarolarni bunday firibgarliklarga uchmaslikka chaqirgan.
Shuningdek, "dili.me" sahifasi blogeri D. Nazarov va "abdurahmonmufid" sahifasi blogeri A. Abdurahmonov ham qimor o‘yinlarini reklama qilmagan – tarqatilgan videolar ularning ishtirokisiz sun’iy intellekt orqali montaj qilingan soxta kontent ekani qayd etildi.
Raqobat qo‘mitasi fuqarolardan mashhurlar qiyofasi yoki ovoziy qo‘llangan shubhali reklamalar, ayniqsa qonunda taqiqlangan mahsulotlarga doir kontentlarga ishonmaslikni so‘radi. Mazkur holat yuzasidan huquqiy baho berish uchun tegishli ma’lumotlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.






