Jenevadagi muzokaralardan keyin AQShning Rossiya–Ukraina mojarosini tugatishga qaratilgan tinchlik rejasi sezilarli darajada qayta ishlandi — 28 banddan 19 tasigina qoldi. Qisqartirish Kiyev va EI e'tirozlaridan keyin amalga oshirildi.
"Financial Times"ning yozishicha, Ukraina va Europa Ittifoqi vakillari hujjatdagi ayrim talablarni qabul qilib bo‘lmasligini aytganidan so‘ng tinchlik rejasi jiddiy qayta ko‘rib chiqildi. Ukraina Prezident devoni maslahatchisi Aleksandr Bevzning aytishicha, dastlabki 28 bandlik paket endi mavjud emas — bir qismi chiqarilgan, yana bir qismi tubdan o‘zgartirilgan. U Kiyevning barcha taklif va e'tirozlari inobatga olinganini ta'kidlagan.
"The Washington Post" ma'lumotlariga ko‘ra, yangilangan loyihadan AQSh va Rossiya o‘rtasidagi, Ukraina mojarosiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri dahli bo‘lmagan munosabatlarga oid bandlar chiqarib tashlangan.
Kiyev NATOga a'zolik masalasini alyansning ichki qoidalari asosida — barcha davlatlar konsensusi bilan hal qilishni talab qilgan. Bu o‘zgarish dastlabki loyihadagi "NATO kengayishiga veto huquqi berish" taklifini amalda bekor qiladi.
"Politico"ning xabar qilishicha, Vladimir Zelenskiy eng nozik hududiy masalalarni Donald Tramp bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Bu uchrashuv shakli ochiq — shaxsan yoki telefon orqali bo‘lishi mumkin.
"Bloomberg" ma'lumotiga ko‘ra, yangilangan rejadan yana bir muhim band — Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan taxminan 100 mlrd dollarni AQSh nazoratidagi Ukraina tiklanish fondiga yo‘naltirish haqidagi taklif ham chiqarildi. Europa amaldorlari buni ijobiy baholagan, chunki oldingi variantda foydaning 50 foizi AQShga berilishi ko‘zda tutilgandi.






