Afgʻoniston endi koʻmirni Pokistonga emas, Oʻzbekistonga eksport qiladi. Bu haqda “Tolibon” matbuot kotibi Hoji Zayid maʼlum qildi. Uning aytishicha, Toshkent bilan bir qator muhim savdo kelishuvlariga erishilgan.
Zayidning qayd etishicha, Oʻzbekiston Afgʻonistonga sifatli sement va dori-darmon yetkazib beradi. Pokiston bilan chegarа postlarining yopilishi va savdoning toʻxtab qolishi Kobulni mintaqadagi boshqa davlatlar, jumladan Eron va Oʻzbekiston bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga undagan.
Bungacha “Tolibon” afgʻon qishloq xoʻjaligi mahsulotlari Oʻzbekiston orqali havo yoʻli bilan Markaziy Osiyo, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga chiqarilishini bildirgandi. Shuningdek, muvaqqat hukumat tadbirkorlarga savdo va tranzit uchun yangi yoʻnalishlar topishni tavsiya qilgan.
“Tolibon” moliya vazirligi Pokiston bilan savdo toʻxtashi “hech qanday salbiy taʼsir koʻrsatmagani”ni taʼkidlagan boʻlsa-da, OAV bu daʼvoni rad etmoqda. “Dawn” gazetasi chegarа yopilishi ikki davlat savdosiga 4,5 milliard dollar zarar keltirganini yozdi.
Iqtisodchi Reza Farzom ham “Tolibon”ning bayonotini haqiqatga zid deb baholab, Afgʻoniston savdo yoʻllarini zudlik bilan almashtira oladigan alternativ marshrutlarga ega emasligini qayd etdi.






