AsosiySiyosat

"Aholini kreditga majburlayapti". Mirziyoyev ikki hokimni nima uchun ishdan olganini aytdi

Prezident Mirziyoyev Denov va Chiroqchi tumanlari hokimlari aholiga tayyor loyiha o‘rniga majburiy kredit o‘tkazayotgani va ishlarni nazoratsiz qoldirgani uchun ishdan olinganini ta’kidladi.

'"Aholini kreditga majburlayapti". Mirziyoyev ikki hokimni nima uchun ishdan olganini aytdi'ning rasmi

Bugun, 19 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qashshoqlikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda Surxondaryo viloyati Denov tumani hokimi Ilhom Abrorov hamda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov lavozimidan ozod etildi. Prezidentning aytishicha, Denov tumani hokimi I. Abrorov ishlarni nazoratsiz holga tashlab qo‘ygan. Chiroqchi tumanida esa tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratilgan 309 mlrd so‘m resursdan maqsadli foydalanilmagan. “153 nafar xodim ishlaydigan tumanda shuncha resurs bo‘la turib, odamlarga imkoniga yarasha tayyor loyiha berish o‘rniga, aholini yoppasiga kredit olishga majburlayapti. Uning qaytishi haqida ham o‘ylamayapti”, — dedi Mirziyoyev. Shu sabab Denov tumani hokimi I. Abrorov, uning birinchi o‘rinbosari Sh. To‘raqulov, Chiroqchi tumani hokimi F. Yusupov va birinchi o‘rinbosari Z. Ergashev ishdan olindi. Davlat rahbari yig‘ilishda Surxondaryoning Uzun tumani hokimi Habibulla Bozorov natijalarini ham alohida qayd etdi. Tumanga ajratilgan 160 mlrd so‘m mablag‘ doirasida 70 mln dollar investitsiya jalb qilingan, 47 ta korxona ishga tushirilgan, 1300 ta doimiy ish o‘rni yaratilgani ma’lum qilindi. 5 ta mahalladagi 7,5 km ko‘cha servis maskaniga aylantirilib, 1 ming nafar odam ish bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, 9 ta mahalla uzumchilikka ixtisoslashtirilgan, 2 mingdan ortiq mikroloyiha orqali 4 ming 200 nafar aholi daromadli bo‘lgan. Natijada Uzun tumanida qashshoqlik darajasi 10,5 foizdan 3 foizga tushgan, 23 ta mahalla qashshoqlikdan xoli hududga aylangan. Mahalliy byudjet tushumlari esa o‘tgan yilga nisbatan 17 mlrd so‘mga oshgan.

    Boshqa yangiliklar