Germaniyaning Gamburg shahrida yashagan Boʻjeklar oilasining Turkiyaga sayohati fojea bilan yakunlandi. Istambulga kelgan 4 kishilik oilaning onasi Chigʻdam Boʻjek va 6 hamda 3 yoshli farzandlari midiya, shoʻrva, kolbasa va tovuq goʻshti isteʼmol qilgandan soʻng zaharlanib vafot etdi. Oila bosh Sarvat Boʻjek esa ogʻir ahvolda shifoxonada davolanmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, oila 9 noyabr kuni Istambulning Fotih tumanidagi "Harbour Suites Old City" mehmonxonasiga joylashgan. 11 noyabr kuni Ortakoʻy mavzeidagi koʻcha taomlaridan tanovul qilgach, ular shifoxonaga yotqizilgan, biroz vaqtdan keyin uylariga qaytarilgan, ammo ahvoli yana yomonlashgan. 12 noyabr kuni bolalar hayotdan koʻz yumgan, 14 noyabr kuni ona ham vafot etgan.
Hodisa yuzasidan Istambul Bosh prokuraturasi jinoyat ishi qoʻzgʻatdi. Midiya doʻkoni, restoran, loqum doʻkoni egalari, mehmonxona xodimlari va dezinfektorni qoʻshib hisoblaganda jami 11 kishi hibsga olindi. Restoran va mehmonxona muhrlandi, xavfsizlik kameralari tasvirlari va taomlardan olingan namunalar ekspertizaga yuborildi.
Shuningdek, oila yashagan mehmonxona hududida yana ikki sayyoh zaharalanish belgilari bilan shifoxonaga yotqizilgani maʼlum qilindi. Politsiya mehmonxonani toʻliq evakuatsiya qildi va mehmonlar boshqa joylarga koʻchirildi.






