Politico yozishicha, Donald Trump ma'muriyati Maduro uchun Rossiya, Turkiya yoki Kubaga borishi mumkin bo'lgan surgun variantlarini ko'rib chiqmoqda. Oq uydagi manbalar Maduroga Rossiyaga ketish uchun “yashil chiroq” berilishi ehtimolini bildirgan.
The Atlantic manbalariga ko'ra, Maduro AQSh va Venesuela vakillari bilan muzokaralarda amnistiya, uni topganlar uchun mukofotning bekor qilinishi va xavfsiz surgun kafolatlansa, iste'foga tayyorligini aytgan. Bungacha Trump Maduro bilan muzokara o'tkazishga tayyorligini bildirgan, ammo uchrashuv vaqti ochiqlanmagan.
Bu orada AQSh Mudofaa vaziri Pit Hegset “Southern Spear” deb nomlangan harbiy operatsiya boshlangani ma'lum qildi. USS Gerald R. Ford aviatashuvchi kemasi boshchiligidagi yirik zarba guruhi Karib dengiziga kirgani aytilmogda. Kema bortida 4 mingdan ziyod harbiy xizmatchi va jangovar uchish apparatlari joylashgan.
Maduro esa ommaga murojaat qilib, Trumpni mojaroni avj oldirmaslikka chaqirgan. Reuters ma'lumotiga ko'ra, o'tgan hafta Oq uyda Venesuelaga nisbatan ehtimoliy harbiy zarbalar muhokama qilingan.
Ma'lumot uchun, agar Maduro Rossiyaga boradigan bo'lsa, u Moskvadan boshpana topgan sobiq rahbarlar – Viktor Yanukovich va Bashar Asad qatoriga qo'shiladi.
AQSh bilan taranglik kuchayishidan oldin esa Maduro Putinning tug'ilgan kunida Rossiya bilan strategik hamkorlik shartnomasini imzolagandi.






