Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov jurnalistlar bilan suhbatda “Biz To‘qayevdan hech qanday signal olganimiz yo‘q. U Putinga hech qanday xabar yubormagan”, — deb bayonot berdi.
Ma’lumki, Qozog‘iston prezidenti 11 noyabr kuni Moskvaga tashrif buyurib, Putin bilan ikki soatlik norasmiy suhbat o‘tkazgan, 12 noyabrda esa rasmiy muzokaralar davom etgan.
Safar yakunlariga ko‘ra, ikki davlat rahbarlari Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni “strategik hamkorlik va ittifoqchilik” darajasiga ko‘tarish haqida deklaratsiya imzolagan.
To‘qayev bu hujjatni “ishonch va hamkorlikning yangi davrini boshlab beruvchi qadam” deb atagan. Safar oldidan esa u AQShda Donald Trump bilan uchrashib, ikki mamlakat o‘rtasida 17 milliard dollarlik investitsiya kelishuvlariga guvoh bo‘lgan.
Shu bois To‘qayevning kutilmagan Moskva safari ba’zi tahlilchilar tomonidan Trump bilan uchrashuvdan so‘ng geosiyosiy “xabar yetkazish” sifatida talqin qilingan edi. Ammo Kreml bu iddaolarni rad etdi.






