Poytaxtda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “yuqumli igna” haqidagi video haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi aniqlandi. IIBB ma’lumotiga ko‘ra, videoni ikki shaxs “layk” va ko‘rishlar yig‘ish maqsadida sahnalashtirgan.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berishicha, internetda tarqalgan “OIV/OITS yuqtiruvchi igna” haqidagi video asossiz bo‘lib, u maxsus ravishda ijtimoiy tarmoqlarda ommaviy qiziqish uyg‘otish maqsadida tayyorlangan.
Surishtiruv jarayonida videoni yaratganlardan biri mazkur holat sahnalashtirligani tan olgan va qilgan ishidan afsusdaligini bildirib, jamoatchilikdan uzr so‘ragan.
IIB ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda jamoatchi joylarda tasodifiy igna orqali OIV yuqishi holatlari qayd etilmagan. Mutaxassislar virus tashqi muhitda uzoq vaqt barqaror bo‘lmasligini, quyosh nuri ta’sirida 2–5 soat ichida yuqish xususiyatini yo‘qotishini ta’kidladi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar mazkur videoni tarqatgan shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasi (“Yolg‘on ma’lumot tarqatish”) bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi. Ular 20 mln so‘mdan 41,2 mln so‘mgacha jarima bilan jazolanishi mumkin.






