Andijon shahridagi mahalla fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosida ijtimoiy xodimga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik sodir etildi. Bu haqida Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, hodisa bugun, 1 noyabr kuni yuz bergan. Unda 1988 yilda tug‘ilgan, oliy ma’lumotli, 4 nafar farzand onasi, 2024 yil iyundan buyon "Inson" markazida kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodim sifatida faoliyat yuritayotgan M.D. jabrlangan.
Mojaro sodir bo‘lishiga mahalla fuqarolari — 1985 yilda tug‘ilgan Y.G. hamda 1991 yilda tug‘ilgan Y.D. ning elektro energiya uchun beriladigan bir martalik 1 million so‘mlik kompensatsiya puli bank tomonidan qarz evaziga ushlab qolingani sabab bo‘lgan.
Janjal vaqtida ushbu fuqarolardan biri qo‘lidagi sopol choynak bilan ijtimoiy xodimga zarba berib, yuzi va qo‘liga tan jarohati yetkazgan.
Ijtimoiy xodim D.M. tomonidan 102 raqamiga murojaat qilingan va hozirda holat bo‘yicha tergovgacha qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlanib, yetkazilgan jarohat og‘irlik darajasi aniqdanmoqda.






