Bugun, 28 oktyabr kuni AQSh Prezidenti Donald Trump Yaponiyaga tashrifi chog‘ida Yokosuka harbiy-dengiz bazasida joylashgan USS George Washington atom avianosecida xizmat qilayotgan harbiylar oldida raqsga tushdi. Oq uy Trumpning avianosecdagi nutqini jonli efirda namoyish etdi.
AQSh Prezidenti harbiylar oldida nutq so‘zlagan va yakunda o‘ziga xos uslubdagi raqsni ijro etgan. Klassik kostyum va USA yozuvi tushirilgan oq kepkada bo‘lgan Trump musiqа ohangiga mos ravishda havoda mushtlarini silkib, belini qimirlatib, auditoriyaga minnatdorlik bildirgan.
Raqs boshlanishi bilan harbiylar quvonch bilan qichqirib yuborgan, ko‘pchilik uni telefonlariga videoga olgan, ba’zilari esa Trump bilan birga ritmga mos ravishda qo‘llarini harakatlantirib unga qo‘shilgan.
Trump Village People guruhining mashhur Y.M.C.A. qo‘shig‘i ostida raqsga tushgan. U bu qo‘shiqni 2024 yilgi saylovoldi kampaniyasi davrida ham tez-tez qo‘llagan va o‘tgan yil noyabr oyida saylovdagi g‘alabasidan keyingi chiqishini ham aynan shu qo‘shiq bilan yakunlagan edi.






