Prezident Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga Belgiya yetib bordi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi ma'lum qildi.
O‘zbekiston yetakchisini mamlakat poytaxtining xalqaro aeroportida Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgan.
Bugun, O‘zbekiston Prezidenti Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Layen bilan muzokaralar hamda Belgiyaliklar Qiroli Filipp bilan uchrashuv o‘tkazadi.
Shuningdek, davlat rahbari O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimida ishtirok etadi.
Tashrif doirasida Yevropaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalarining vakillari bilan davra suhbati o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.






