AsosiyJamiyat

Olmaliqda shogirdlarini kaltaklagan murabbiy ishi IIBga topshirildi

Olmaliq shahridagi nodavlat sport klubida murabbiy tomonidan voyaga yetmagan ikki shogirdiga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

'Olmaliqda shogirdlarini kaltaklagan murabbiy ishi IIBga topshirildi'ning rasmi

Olmaliq shahar hokimligi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, holat tegishli mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, tasdiqlangan. Shundan so‘ng shahar Bolalar ishlari bo‘yicha komissiyasining tezkor yig‘ilishi o‘tkazilgan.

Yig‘ilishda holatning barcha jihatlari ko‘rib chiqilib, qator choralar belgilangan. Jumladan, shahar ichki ishlar bo‘limiga murabbiyning noqonuniy harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rish topshirilgan.

Shuningdek, farzandlarini jazolashni murabbiydan so‘ragan bolalarning ota-onalari ham ma’muriy javobgarlikka tortilishi belgilangan.

Tibbiyot birlashmasiga bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, IIB va “Inson” markaziga esa ularning oilaviy muhitini o‘rganish, ruhiy holatini baholash hamda zo‘ravonlik va tazyiq holatlarining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish vazifasi topshirilgan.

Shahar sport maktabiga esa hududdagi barcha sport klub va to‘garaklarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, xususiy murabbiylarga uslubiy tavsiyalar berish va noqonuniy faoliyat yuritatayotgan sport to‘garaklarini aniqlish hamda bu haqda tegishli idoralarga ma’lumot kiritish topshirilgan.

Komissiya yig‘ilishida murabbiy S. Mirzavaliev qilgan harakatidan pushaymonligini bildirgan va keng jamoatchilikdan uzr so‘rashini ma’lum qilgan.

    Boshqa yangiliklar