Sentyabrda O‘zbekistonda uy-joy olidi-sotdisi yillik hisobda 13,7 foizga o‘sdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ko‘chmas mulk bozoridagi tendensiyalar bo‘yicha yangilangan tahllilida keltirilgan.
Bildirilishicha, 2025 yil sentyabr oyi yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha uy-joy olidi-sotdi shartnomalari soni 24,2 mingtani tashkil etgan. Eng yuqori yillik o‘sish Sirdaryo, Buxoro va Toshkent shahrida qayd etilgan.
Respublika miqyosida sentyabr oyida ikkilamchi uy-joy bozoridagi o‘rtacha narxlar 0,6 foizga oshgan. Yillik hisobda, o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 4,6 foizga oshgan. Eng yuqori narx o‘sishi Surxondaryo, Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy bozorida sentyabr oyida narxlar 0,6 foizga oshgan, biroq 2024 yilning shu paytiga nisbatan 1,7 foizga pasaygan. Ikkilamchi uy-joy bozorida eng katta pasayish Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek va Chilanzor tumanlarida kuzatilgan. O‘rtacha hisobda pasayish 4,3 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, birlamchi uy-joy ko‘chmas mulk bozorida narxlarning 3 foizga oshgani qayd etilgan. Birlamchi uy-joy bozorida eng yuqori narx oshishi Mirabod, Bektemir va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilgan. O‘rtacha hisobda o‘sish 5,8 foizni tashkil etgan.
Toshkentda uy-joy ijarasi narxi
Sentyabr oyida Toshkent shahrida uy-joy ijarasi narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 8,5 dollarni tashkil etgan. Eng yuqori ijarasi narxlari Mirabod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida kuzatilgan.