AQSh Prezidenti Donald Trump Gʻazodagi vaziyat yuzasidan ittifoqchi davlatlarning harbiy yordam taklifini olganini maʼlum qildi.
Unga koʻra, HAMASga qarshi qoʻshin kiritilishi ehtimoli bor, ammo hozircha bunday qaror qabul qilinmagan.
Trumpning taʼkidlashicha, Yaqin Sharq va unga yaqin hududdagi bir qator davlatlar zarurat tugʻilganda Gʻazo sektoriga qoʻshin kiritib, HAMAS harakatiga qarshi kurashishga tayyor ekanliklarini bildirishgan. U bu davlatlarni "buyuk ittifoqchilar" deb atagan va ularning yordam taklifini katta ishtiyoq bilan qabul qilganini aytgan.
Shu bilan birga, Trump ularni va Isroilni hozircha shoshilmaslikka chaqirgan.
“Men bu davlatlarga va Isroilga ‘Hozir emas!’ dedim. Hali HAMAS toʻgʻri yoʻlni tanlashi mumkin degan umid bor”, — deb yozgan Trump Truth Social tarmogʻida.
AQSh rahbari, agar HAMAS kelishuvni buzishda davom etsa, javob "tez, shiddatli va shafqatsiz" boʻlishini ogohlantirgan. U barcha yordam taklif qilgan ittifoqchilarga minnatdorlik bildirgan.
Maʼlumot uchun, Isroil va HAMAS oʻrtasidagi oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi 10 oktyabrda kuchga kirgan edi. Bunga qaramay, tomonlar kelishuvni bir necha bor buzganlikda bir-birini ayblab kelmoqda. 13 oktyabr kuni esa AQSh, Misr, Turkiya va Qatar vositachiligida yangi kelishuv imzolangan.