OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov 2025−2029 yillar uchun FIFAning Futbolda texnologiyalar, innovatsiyalar va raqamli rivojlanish qoʻmitasi rais oʻrinbosari etib tayinlandi. Qoʻmita innovatsion yechimlarni sinovdan oʻtkazish va futbolda joriy etish ustida ish olib boradi.
Tarixda ilk bor oʻzbekistonlik futbol mutaxassislari FIFA (Xalqaro futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi) qoʻmitasiga tayinlandi. Bu haqda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, tashkilot kengashining qarori bilan OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov 2025−2029 yillar uchun FIFAning Futbolda texnologiyalar, innovatsiyalar va raqamli rivojlanish qoʻmitasi rais oʻrinbosari etib tayinlandi.
Qoʻmita futbolni zamonaviy texnologiyalar orqali rivojlantirishga qaratilgan eng muhim tuzilmalardan biri hisoblanadi.
U VAR, golni aniqlash texnologiyasi, yarimavtomatik ofsayd tizimi, raqamli monitoring, sunʼiy intellekt kabi innovatsion yechimlarni rivojlantirish, sinovdan oʻtkazish va futbolda joriy etish ustida ish olib boradi.
Shuningdek, OʻFA bosh kotibi Avaz Maxsumov Sohil futboli qoʻmitasiga, OʻFA ayollar futbolini rivojlantirish boʻlimi boshligi Yuliya Panina Ayollar milliy terma jamoalari oʻrtasidagi musobaqalar qoʻmitasiga tayinlandi.
Ermatov avvalroq Osiyo futbol konfederatsiyasi hakamlar qoʻmitasi raisining 2023−2027 yillar uchun oʻrinbosari boʻlgan.