O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasi ko‘magida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ota-ona qaramog‘idasiz qolgan olti nafar voyaga yetmagan bolalar vatanga olib kelindi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.
Aytilishicha, O‘zbekistondan kelgan ishchi guruhi 10 kun davomida vaziyat bo‘yicha barcha kerakli hujjatlarni to‘plagan. Shundan so‘ng, ota-ona qaramog‘idasiz qolgan bolalar Sankt-Peterburgdagi voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy reabilitatsiya markazlari va bolalar uchun "Tranzit" ijtimoiy boshpanasiga etkazilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, voyaga yetmagan bolalardan biri uch yildan beri onasidan ayro tarzda, otasi bilan yashab kelgan. Otasi uni onasidan noqonuniy ravishda olib qo‘ygan. Bolaning oilasi uning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladigan ijtimoiy noqulay muhitni boshdan kechirgan.
Bosh konsulxona xodimlari va mutasaddi tashkilotlar xodimlari bolaning yashash joyida bo‘lib, voyaga yetmagan hamyurtimizni O‘zbekistonga qaytarish choralarini olib borgan hamda tegishli guvohnomalar rasmiylashtirilgan. Shundan so‘ng, hamyurtlarimizni Sankt-Peterburg-Toshkent aviareysi bilan O‘zbekistonga kuzatib qo‘yilgan.