Sirdaryo viloyati Xovos tumani hokimi o‘rinbosari hamda viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining tuman bo‘limi mutaxassisi o‘zaro til birlashtirib, noqonuniy boylik ortirishni maqsad qilishdi.
Ular, tasarrufida 452 gektar yer maydoni bo‘lgan chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikni kelgusi yil sholi yetishtirish taqsimotiga kiritish, eksport rejasi bajarilganligini tasdiqlash, taqsimotsiz sholi yetishtirgan holatiga nisbatan chora ko‘rmaslik, shuningdek, go‘yoki Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan tumandagi fermer xo‘jaliklari faoliyati bo‘yicha o‘tkazilayotgan tekshiruvda uni himoya qilish evaziga xo‘jalik rahbiridan joriy yilning iyun oyida 10 ming AQSh dollarini olishdi.
Keyinroq esa hokimi o‘rinbosari yer maydonini davlat zahirasiga olib qo‘yish va fermer xo‘jalik rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish bilan tahdid qilib, qo‘shimcha 20 ming AQSh dollarini talab qildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Prokuratura organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, hokim o‘rinbosari so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming AQSh dollarini o‘zining hamtavof bo‘lgan mutaxassis orqali olgan vaqtida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Hozirda hokim o‘rinbosari hamda viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining tuman bo‘limi mutaxassisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, "qamoq" ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Navoiy viloyatida kuzatilgan holatda esa Karmana tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va qashshoqlikni qisqartirish masalalariga mas’ul bo‘lgan hokim yordamchisi noqonuniy ravishda 40 mln so‘m olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, hokim yordamchisi xizmat mavqeidan foydalangan holda o‘zganing ishonchiga kirib, 2024 yilda boshqa bir fuqaroga ijaraga berilgan M-37 avtomobil yo‘li yoqasidagi 12 kv.m yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 100 mln so‘m talab qilgan.
Hozirda hokim yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmogda.