Yevropaga tez-tez boruvchilarning pasportidagi sahifalar tejaladigan bo‘ldi: Shengen zona qisqa muddatga kelib ketuvchilarning pasportlariga kirish va chiqish vaqtida muhr bosish amaliyotini to‘xtatmoqda. Buning o‘rniga yangi elektron tizim joriy etiladi.
Yevropa Ittifoqi 2025 yil 12 oktabrdan e’tiboran Entry/Exit System (“Kirish-chiqish tizimi”) nomli yangi tartibni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu tartib 2026 yil 10 aprelgacha shengen zonasiga kirib-chiquvchi barcha nuqtalarni qamrab oladi.
Yangi tizim kirish va chiqish vaqtida sayohning pasportiga muhr qo‘yishni bekor qiladi. Barcha ma’lumotlar, xususan kirish-chiqish sanalari ham elektron tizimda saqlanadi.
Buning uchun chet elliklar shengen zonasiga birinchi marta kirayotgan (yoki yangi tizim isga tushganidan keyin shengen zonasidan birinchi marta chiqayotgan) vaqtda yangi tizimga ularning biometrik ma’lumotlari kiritiladi: yuzi suratga tushirilib, barmoq izi olinadi.
Suratga tushish va barmoq izlari topshirish uchun mustaqil ravishda avtomat-kiosklardan foydalanish yoki an’anaviy tarzda pasport-nazorat xodimiga murojaat qilish mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tayotgan shaxslar o‘z sayohati haqidagi savollarga javob berishga, masalan shengen zonasida bo‘lgan payti qaerda yashashiga aniqlik kiritishga va uni hujjatlar asosida tasdiqlab berishga tayyor bo‘lishi kerak.