Bosh Prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov saytimizga taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, holat kecha, 17 sentabr kuni soat 14:18 larda Olmazor tumanida sodir bo‘lgan.
Mazkur hududda yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan ayol turmush o‘rtog‘i bilan rashk tufayli kelib chiqqan kelishmovchilik oqibatida jahl qilib, 2022 va 2024 yillarda tug‘ilgan ikki nafar o‘g‘il farzandini o‘zlari yashab turgan uyning 4-qavat yo‘lak derazasidan pastga tashlab yuborgan.
So‘ngra o‘sha uyning 8-qavat yo‘lak derazasidan o‘zini ham pastga tashlagan. Hodisa oqibatida ayol shifoxonada vafot etgan, ikki nafar voyaga yetmagan bolaning hayoti saqlanib qolgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksning 25,97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Aslida etni junjittiragan bu holat shunchaki voqea emas — bu faryod! Bir ona o‘z farzandlarini oynadan uloqtirib, o‘zi ham sakradi. Bu — dard! Bu — ogohlantiruvchi alamli signal!
Jamiyatda yolg‘izlik, tushkunlik, ruhiy charchoq ko‘paydi. Ammo hanuzgacha psixologik yordam so‘rash — uyat hisoblanadi. Shu "uyat" bizni o‘lim sari sudrayapti!
Har birimiz atrofga bir qaraylik. Kimdir jim, lekin ichida baqiryapti. Kimdir kulib yuribdi, lekin ruhan allaqachon yiqilgan...
Befarq bo‘lmaylik. Bir so‘z, bir e’tibor — bir umrni saqlab qolishi mumkin.