Xalqaro sayohatlar imkoniyatlari kengayib borayotgan bugungi sharoitda mamlakati miz pasportining nufuzi ham sezilarli darajada o‘smoqda.
Reyting IATA (Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi) ma’lumotlari asosida shakllantiriladi. Unda asosiy mezon sifatida pasport egalari vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan davlatlar soni hisobga olinadi. Bugungi kunda o‘zbekistonliklar 62 mamlakatga vizasiz sayohat qilish huquqiga ega.
Mutaxassislar fikricha, bu ko‘rsatkich O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ochiq siyosati, faol diplomatik aloqalari va jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvining natijasidir. Xususan, o‘zbekistonliklar hozirda Turkiya, Malayziya, Indoneziya, Gruziya, Qozog‘iston, Armaniston kabi mamlakatlarga erkin sayohat qila oladi.
Dunyo bo‘yicha eng kuchli pasport sifatida Singapur pasporti qayd etildi — uning egalari 193 mamlakatga vizasiz kirishi mumkin. Keyingi o‘rinlarda Yaponiya va Janubiy Koreya (190 davlat), shuningdek, Germaniya hamda Italiya pasportlari qayd etildi.
Markaziy Osiyoda esa Qozog‘iston 71-o‘rinni egallab, 63 davlatga vizasiz kirish imkonini taqdim etmoqda. O‘zbekiston (72-o‘rin), Qirg‘iziston (71-o‘rin), Tojikiston (78-o‘rin) va Turkmaniston (84-o‘rin) mintaqadagi holatni belgilab berdi. Bu esa mintaqada xalqaro diplomatik hamkorlik darajasiga oyna bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ro‘yxatning eng songgi pog‘onalarida urush va siyosiy inqirozlardan zarar ko‘rgan davlatlar — Afg‘oniston, Iroq va Suriya joy olgan. Afg‘oniston pasporti eng zaif hisoblanib, uning egalari atigi 27 mamlakatga vizasiz kirish huquqiga ega.